Xodimga pora bermoqchi bo‘ldi
7 fevral' kuni Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan tegishli tartibda beriladigan ma'lumotnomasiz avtotransport vositalarini ta'mirlash holatlarini aniqlash yuzasidan Nukus shahri hududida joylashgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi ustaxonalarda reyd-tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori mayor B.Bekmuratov tomonidan ustaxonada ishchi bo‘lib ishlovchi Nukus shahrida yashovchi Sh.R. ismli fuqaro “Neksiya-3” rusumli avtomashina haydovchisi tomonidan ehtiyotsiz boshqargani oqibatida moddiy zarar ko‘rgan joyini Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining bu haqidagi tegishli ma'lumotnomasi bo‘lmasdan turib ta'mirlayotganligini aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtirgan. 11 fevral' kuni fuqaro Sh.R. ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarni chora ko‘rmasdan ijobiy hal qilib berish evaziga 200.000 so‘m pullarni mayor B.Bekmuratovga pora tariqasida berayotgan vaqtida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘z xavfsizligi boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati