30 Dekabr 2021 yil 533

O‘quv kurslari bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

Barchamizga yaxshi ma’lumki so‘nggi yillarda, Ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlar amalga oshirilib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va fuqarolik institutlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini ta’minlashning mutlaqo yangi tizimi yaratildi.
Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 4 dekabrdagi F–5408-son «Qoraqalpog‘iston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi asosida Ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tajribasi sifatida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida tashkil etilgan edi.
O‘quv kurslarning asosiy maqsadi – xodimlarning ma’naviy-vatanparvarligini yanada oshirish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha vazifalarni hal etishda Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari va Milliy gvardiya xodimlari va harbiy xizmatchilarining uzviy hamkorligini tashkil etish, ularda jamoaviylik, uyushqoqlik hamda vazifalarni bajarishda daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish tizimini takomillashtirishdir. 
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma o‘quv dasturiga muvofiq, o‘quv kurslari davomiyligi 14 kundan 30 kunga uzaytirildi. O‘quv kurslariga jalb etilayotgan tinglovchilar soni 60 nafarni tashkil etib, tinglovchilar 4 ta guruhga (ofitserlar guruhi hamda serjant-safdorlar guruhlari) bo‘linishi belgilab olindi. Joriy yilning 30 dekabr kuni 2021 yilning 11-o‘quv yig‘ining tantanali bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi artilleriya bo‘limi boshlig‘i polkovnik A.Ro‘ziboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik I.Axmedov va vazirlikning faxriylar kengashi raisi iste’fodagi podpolkovnik F.Sankibayevlar ishtirok etib bitiruvchilarni tabrikladi va kelgusi xizmatlarida zafarlar tiladi.
Tadbirda, o‘quv kurslari bitiruvchilariga sertifikatlar va faxriy yorliqlar ravishda topshirildi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

Text to speech