Qoraqalpog'iston Respublikasida o'rganish ishlari davom etmoqda
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Bobojonovning shu kunlarda Qoraqalpog'iston Respublikasida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktik ishlar bilan tanishish yuzasidan safari davom etmoqda.
Dastlab vazir Nukus shahrida o'tgan yildan faoliyat yuritib kelayotgan “Temurbeklar maktabi” harbiy litseyiga tashrif buyurdi. Bu erda o'quvchi yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar bilan yaqindan tanishib, maxsus sinfxonalar, sport bilan shug'ullanish, ovqatlanish, dam olish uchun ajratilgan xonalarning qay darajada jihozlanganligini ko'zdan kechirdi.
Shuningdek, mazkur o'quv dargohida ta'lim olayotgan o'quvchilar bilan suhbat o'tkazib, mas'ul xodimlarga Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va vazirlik rahbar xodimlarining bu erda dars o'tishini tashkil etish, o'quvchi yoshlarni amaliyotga jalb etish bo'yicha aniq topshiriqlar berdi.
Ma'lumki, 12 fevral` kuni Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Hay'atining kengaytirilgan yig'ilishiga raislik qilib, unda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo'nalishlaridagi ishlar tanqidiy nuqtai-nazardan muhokama qilingan edi.
Davlat rahbari tomonidan Nukus shahrida O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi filialini ochish bo'yicha topshiriq berilgan bo'lib, mazkur masala bo'yicha vazir shahardagi oliy o'quv maskani uchun ajratilgan er maydonini borib ko'rdi.
Bundan tashqari, general-leytenant Po'lat Bobojonov Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV Tibbiyot bo'limi gospitalida ham bo'ldi. Mazkur maskanda davolanayotgan tizim faxriylari va xodimlar bilan suhbat o'tkazib, tibbiy tekshiruv hamda davolanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.
Shu kunning o'zida vazir yuqorida ta'kidlab o'tilgan Hay'at majlisi qaroriga ko'ra, Nukus shahrida jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha faoliyatning samaradorligini oshirish maqsadida prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya va Nukus shahridagi sektor rahbarlari va boshqa mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda tuzilgan tezkor shtabda bo'ldi.
Aytish joizki, tezkor shtab Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV PPX va JTSB binosida joylashgan. Vazir shtab faoliyatini o'rganish chog'ida ishni to'g'ri va samarali tashkil etish bo'yicha zarur tavsiyalar berdi.
Xususan, shahar hududidagi xonadonlar va tadbirkorlik ob'ektlarini qo'riqlash pul`tiga ulash orqali sodir bo'lishi mumkin bo'lgan o'g'rilik jinoyatlarining oldini olish, shuningdek, mahalla hududlari, ayniqsa «qizil hudud»ga kirgan mahallalarning kirish-chiqish joylariga kuzatuv kameralarini o'rnatish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shu bilan birga, 4-sektor rahbarlari tomonidan «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda qo'llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, shahar hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo'yicha viktimologik profilaktika ishlariga alohida e'tibor qaratish, bunda fuqarolar o'rtasida jinoyatchilikning kelib chiqish sabablarini aniq misollar bilan tushuntirish lozimligini ta'kidlab o'tdi.
Bundan keyin vazir Nukus shahrida tashkil etilgan «Do'stlik guzari» huquq-tartibot maskaniga tashrif buyurib, bu erda tashkil etilgan ishlarning ahvoli bilan tanishdi.
Ta'kidlash joizki, mazkur huquq-tartibot maskaniga tajriba tariqasida tergovchi va surishtiruvchiga ekspert-kriminalist, tezkor xodimlar jalb etilgan bo'lib, har bir sohaviy xizmat xodimi o'z yo'nalishi bo'yicha hududda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar borasida surishtiruv va dastlabki tergovni yuritish, tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea sodir bӯlgan joyni kӯzdan kechirish, mutaxassis sifatida ishtirok etish, ish natijalari bo'yicha belgilangan shaklda hisobot va ma'lumotlarni tayyorlash, qonuniy qaror qabul qilinishi uchun hujjatlarni tegishli sudlarga taqdim qilish bo'yicha amaliyot joriy etilgan.
Vazir maskan faoliyati bilan tanishar ekan, bu erda ishni yanada samarali olib borish uchun tegishli taklif va tavsiyalarini berdi.
Shu kuni vazir Kegeyli tuman IIBda bo'lib, hududning sektor rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Shu bilan birga, tuman IIB xodimlari bilan uchrashib, suhbat o'tkazdi. Suhbat davomida hududdagi jinoyatchilikning ahvoli, jinoyatlarni oldini olish, eng ko'p uchrayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish kabi masalalar yuzasidan tashkil etilgan manzilli ishlarni jadal olib borish haqida ta'kidlab o'tildi.
Vazirlik rahbari uchrashuv davomida tumandagi «Abat makon» MFY hududiga biriktirilgan profilaktika inspektori, katta leytenant Nurlan Qulekeshovga o'z hududida jinoyatchilikning kamayishiga erishgani, fidoyilik va shijoat bilan xizmat olib borayotgani uchun rag'batlantirish tariqasida muddatidan oldin "kapitan" maxsus unvoni bilan taqdirlash bo'yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, Po'lat Bobojonov shu kuning o'zida Nukus tuman IIBda bo'lib, tumandagi to'rt sektor rahbarlari bilan uchrashdi va hududda jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sodir bo'lgan jinoyatlarning muhokamalarining ta'sirchanligi, hududda "mahallabay" ishlarni olib borish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Bundan tashqari, hududdagi profilaktika inspektorlari bilan uchrashib, bugungi kunda davlatimiz rahbariyati tomonidan tizimga berilayotgan e'tibor va uning natijasida yaratilayotgan sharoitlar haqida ta'kidlab, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla faollari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha kerakli tavsiyalarni berdi.
Ishchi guruh tomonidan o'rganish ishlari davom etmoqda.
IIV Axborot xizmati