17 Yanvar 2022 yil 1348

UZLUKSIZ O‘QUV-KARYERA JARAYONI BOSHLANDI

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi PQ–5076-son «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2021 yil 27 avgustdagi 310-sonli«Ichki ishlar organlarida uzluksiz o‘quv-karyera jarayoni tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan, respublika ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Uzluksiz o‘quv-karyera tizimi” ta’sis etildi.
Unga ko‘ra, tizim xodimlari navbatdagi «katta serjant», «kapitan», «mayor» va «podpolkovnik» maxsus unvonlarini olish uchun Vazirlik Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan kunduzgi va masofaviy o‘quv kurslarida tahsil olishlari va belgilangan namunadagi sertifikatni qo‘lga kiritish lozimligi belgilandi.
Shu munosabat bilan, 2022 yil 15 yanvar kuni Malaka oshirish institutining hududiy filialida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVning Kasbiy tayyorgarlik bo‘limi bilan hamkorlikda“kapitan” maxsus unvonini olish uchun joriy yilning 17-27 yanvar kunlari o‘tkazilishi belgilangan masofaviy o‘quv kursiga jalb qilingan tinglovchilarga o‘quv kursi oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Institutning Nukus filiali rahbari yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori podpolkovnik S.Allambergenov, Kasbiy tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik A.Bekimbetov hamda o‘quv kursiga jalb qilingan tinglovchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda tinglovchilarga uzluksiz o‘quv-karyera jarayonini tartibga soluvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, unda qo‘yilgan asosiy vazifalar va talablar, shuningdek, Institutning o‘quv platformasidan foydalanish tartiblari yetkazildi. Shuningdek, tinglovchilarga shaxsiy login-parollar belgilangan tartibda topshirildi hamda o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan savollariga atroflicha javob berildi.
Ushbu o‘quv kursi so‘ngida, test shaklida belgilangan yakuniy imtihondan muvofaqqiyatli o‘tgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar berilishi belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

Text to speech