18 Dekabr 2020 yil 1129

PROBATSIYa GURUHI NAZORATIDAGI 5 NAFAR ShAXS MUDDATIDAN OLDIN JAZODAN OZOD ETILDI

So'nggi yillarda mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida mahkumlarni axloqan tuzatish va ijtimoiy moslashtirish ishlarining samaradorligini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori asosida Probatsiya xizmati tashkil etilib, 2019 yil 1 yanvardan o'z faoliyatini boshlagan edi. Ushbu Qaror ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuni alohida e'tirof etish kerakki, tumanimizda ham ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazorati ostidagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini ta'minlash, o'qishga va ishga joylashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko'rsatish, eng asosiysi, shaxsni  tarbiyalash kabilar borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 11 dekabrь sanasida tuman Ichki ishlar bo'limining majlislar zalida o'tkazilgan yig'ilishda ham tuman IIB Probatsiya guruhi nazoratidagi shaxslarning  muammolarini hal etishga ko'maklashish, qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berish, bandligini ta'minlash va ular tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish bo'yicha masalalar muhokama etildi. Shuningdek, mazkur yig'ilishda tuman IIB Probatsiya guruhi tomonidan keltirilgan 5 ta taqdimnomalarni ko'rib chiqildi.
Yig'ilishda jinoyat ishlari bo'yicha Amudaryo tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman hokimi o'rinbosari, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i Alisher Yo'ldoshev, tuman Ichki ishlar bo'limi boshlig'ining birinchi o'rinbosari Otabek Masharipov, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi xodimlari hamda Probatsiya guruhi nazorati ostidagi shaxslar ishtirok etishdi.
Yig'ilish kun tartibidagi asosiy masala – Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslarning  muammolarini hal etishga ko'maklashish, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy  maslahatlar berish, bandligini ta'minlash, kasb-korga yo'naltirish, qayta jinoyat yo'liga kirishlarining oldini olish yuzasidan jinoyat ishlari bo'yicha Amudaryo tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov atroflicha to'xtalib o'tdi. U o'z so'zida Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslarga sud hukmi talablariga amal qilishlari shartligini qayta jinoyatga qo'l urmasliklarini, mamlakatimizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrarligini, qonunni mensimaslik shaxsni jazodan ozod etmasligini, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 15- va 73-moddalari mazmun-mohiyati haqida batafsil tushunchalar berdi.
Yig'ilish kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan tuman Prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman hokimining o'rinbosari, Mahalla va oilani  qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i Alisher Yo'ldoshev, tuman  IIB boshlig'ining birinchi o'rinbosari Otabek Masharipovlar ham so'zga chiqishib, o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so'ng, nazoratda turgan shaxslarning muammolari o'rganilib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Yig'ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – Probatsiya guruhi tomonidan keltirilgan 5 ta taqdimnomalar bo'yicha ishlar ochiq sayyor sud majlisida ko'rib chiqildi. Sayyor sud majlisi jarayonida O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining  tegishli moddalari asosida axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm etilgan 3 nafar hamda ozodlikni cheklash jazolariga hukm qilingan 2 nafar shaxslar o'rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarganliklari, mehnatga halol munosabatda bo'lganliklari sababli O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan o'talmagan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindilar.
“Probatsiya” – bu sinov, degani. Demak, Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar ushbu nazorat, ya'ni sinov davrida o'zini yaxshi xulq-atvorli, mehnatga halol munosabatda bo'lish orqali namoyon etsa, odil sud hamisha har bir shaxsning haq-huquqini himoya qiladi va odil hukm chiqaradi.
QR IIV Probatsiya bo'limi

Text to speech