19 Aprel 2021 yil 612

Hayriya konsert dasturlari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2021 yil 18 fevral kunidagi farmoyishiga asosan, Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi qo‘shiq va raqs ansamblida xizmat qilayotgan sanʼatkorlar, xonanda va sozandalar, badiiy so‘z ustalari tomonidan o‘z Vataniga va oilasiga sadoqat, mehr-muhabbat ruhida fidoyilik bilan xizmat olib borgan, yurt tinchligi yo‘lida o‘z jonini ayamagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolari, nogiron bo‘lib qolgan xodimlar, yordamga muhtoj ichki ishlar organlari faxriylarini moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni mazmunli xordiq chiqarishlarini taʼminlash maqsadida joriy yilning 19 aprel kuni  Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Chimboy tumanlarida hayriya konsert dasturi tashkil etildi.
Mazkur Hayriya konsert dasturida Vazirlik Madaniyat saroyi ijodkorlari tomonidan Vatanni madh etuvchi diltortar kuy-qo‘shiqlar, oila, sevgi-muhabbat mavzusini tarannum etgan navolar hamda hazil mutoyibaga boy bo‘lgan sahna chiqishlari konsert dasturiga kelgan barchada ko‘tarinki kayfiyatni uyg‘otdi.
Hayriya konsert dasturi yakunida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga, xizmat vaqtida nogiron bo‘lib qolgan va yordamga muhtoj bo‘lgan faxriylarga Ichki ishlar vazirligining esdalik sovg‘alar topshirildi.
Ansamblning konsert dasturlari davom etmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

Text to speech