IChKI IShLАR ORGАNLАRI XODIMLАRINING KАSB BАYRАMI NIShONLАNDI
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oʼttiz yilligiga bagʼishlangan tantanali majis boʼlib oʼtdi.
Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining Raisi M.Kamalov soʼzga chiqib, ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi va Vazirlar Kengashi nomidan qizgʼin tabrikladi.
Bayram munosabati bilan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi Prezidiumining qarori bilan faxriy unvon va koʼkrak nishonlari bilan taqdirlangan edi. Respublika rahbari mazkur faxriy unvonlar va koʼkrak nishonlarini oʼz egalariga topshirdi.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri А.Temirxanov soʼzga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qilish organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini takomillashtirishning ahamiyatiga toʼxtalib oʼtdi.
Soʼnggi 5 yil davomida Ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi, jinoyatchilikning oldini olishda yangicha tizim yaratildi. Jumladan, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan turar joyga muhtoj 155 xodimga uzoq muddatli, imtiyozli kredit asosida turar joy qurib berildi va oʼz egalariga topshirildi. Bugungi kunda 363 profilaktika inspektori xizmat uylari, 276 profilaktika inspektori «Matiz» avtomashinasi bilan taʼminlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlar Prezidentimiz farmoni bilan Mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi koʼp yillik samarali mehnati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qoʼshgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʼlidagi ibratli faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini koʼrsatgani, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oʼttiz yilligi munosabati bilan mukofotlangan edi. Ular orasida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ham bor. Jumladan, Nukus tumani ichki ishlar boʼlimi boshligʼi Salavat Kazbekov «Mardlik» ordeni, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Baxadir Uzaqbaev «Doʼstlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʼi bilan 3 nafar xodim «Аʼlo xizmatlari uchun», 26 nafar xodim I, II, III-darajali «Benuqson xizmatlari uchun» koʼkrak nishoni, 3 nafar xodim Faxriy yorliq, 4 nafar xodim esdalik qoʼl soati, 176 nafar xodim va 24 nafar faxriy «Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi» koʼkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilariga respublikamiz sanʼat ustalari va vazirlikning «Аral juldizlarы» ansambli aʼzolari ijrosidagi bayram kontserti namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariev ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Nukus shahrining fayzli maskanlarining biriga bayram dasturxoni tashkil etilib unga ishki ishlar organlari xodimlari, faxriylari va xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʼlgan xodimlarning oila aʼzolari taklif etildi.
D.АBIBULLАEV,
Qoraqalpogʼiston xabar agentligi