O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiadasi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi PF-5924-son «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 6 fevraldagi «Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiyadasi va «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiada musobaqasini tashkil etish to‘g‘risida»gi 48 son buyrug‘iga muvofiq, ichki ishlar vazirligi akademik litseylari o‘quvchilarining ichki ishlar organlariga kasbiy yo‘naltirish ular o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, intellektual va professional bilim darajasi, maʼnaviy-axloqiy saviyasi yuqori bo‘lgan jismonan sog‘lom o‘quvchilarni tarbiyalash maqsadida, Nukus shahrida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilari uch kun davomida ko‘p kurash, yengil atletika va mini futbol bo‘yicha bahslashdi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Z.Reymova va boshqalar g‘oliblarni qo‘lga kiritganlarni g‘alabasi bilan qutladi.
Musobaqa yakunida 9 mm “Makarov” pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha, Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi, to‘sinda tortilish bo‘yicha, Jizzax akademik litseyi terma jamoasi, kuch ishlatish bo‘yicha Xorazm akademik litseyi terma jamoasi, granata uloqtirish bo‘yicha Toshkent viloyati akademik litseyi terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yengil atletikadan Toshkent shahar 1-son akademik litseyi terma jamoasi birinchi, Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi ikkinchi, Samarqand akademik litseyi terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. Mini futbol bo‘yicha birinchi o‘rin Qoraqalpoq akademik litseyi terma jamoasi, ikkinchi o‘rin Buxoro akademik litseyi terma jamoasi, uchinchi o‘rin Toshkent shahar 2-son akademik litseyi terma jamoasiga nasib etdi. Barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, musobaqadalarda odil hakamlik qilgan xodimlarga vazirlik tomonidan tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi. Taqdirlash tadbiridan so‘ng, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ashula va raqs ansambli aʼzolari, Qoraqalpog‘iston sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati