NUKUSDA «TEMURBEKLAR MAKTABI» OCHILDI
Joriy yilning 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nukus «TEMURBEKLAR maktabi» harbiy-akademik litseyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor B.Mirzaraximov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik A.Temirxanov va qator huquqni muhofaza qilish idoralarining vakillari, harbiylar, shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVning o‘rinbosari, polkovnik I.Axmedov rahbariyatga ochilish marosimiga tayyorgarlik holati haqida hisobot berib, bundan keyin binoni tantanali ochish uchun ramziy lentasi kesildi. Shuningdek, kelgan mehmonlar harbiy-akademik litseyda o‘quvchilarning taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda huquqni muhofaza qilish va harbiy sohalarga kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan maxsus maktablarni tashkil etish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shunday maktablardan biri «TEMURBEKLAR maktabi» harbiy-akademik litseyi bo‘lib hisoblanadi.
Mazkur litsey O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyun kunidagi «O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori asosida tashkil etilib, ayni kunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida prinsipial yangi «TEMURBEKLAR maktabi» harbiy-akademik litseylari tuzilgan. Akademik litseyda asosiy eʼtibor o‘quvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk etib tarbiyalashga va Oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlashga qaratilgan. Akademik litseyga umumtaʼlim muassasalarining 9-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risida shahodatnomaga ega bo‘lgan nomzodlar o‘qishga qabul qilinib, 2 yil davomida umumtaʼlim fanlar, chuqurlashtirilgan fanlar va kasbiy fanlarni o‘qitiladi.Maʼlumot tariqasida aytadigan bo‘lsak, Nukus “TEMURBEKLAR maktabi” harbiy akademik litseyi taʼlim muassasasining qurilish taʼmirlash ishlari uchun 30 mlrd. ga yaqin mablag‘ ajratilib, qurilish taʼmirlash ishlari “O‘y-joy qurilish” MCHJ qurilish korxonasi tomonidan olib borildi.– Joriy 2020/2021 o‘quv yili uchun “TEMURBEKLAR maktabi” harbiy akademik litseyiga o‘quvchilari uch bosqichni ichiga oladigan tanlov asosida qabul qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan jami 416 nafar nomzodlar yakuniy test sinovlariga yuborildi. Ular orasidan yuqori ball to‘plagan 100 nafari o‘quvchilar safiga qabul qilindi–deydi litsey direktori I.Toremuratov. –Ayni kunda o‘quvchilariga 22 nafar maxsus tanlovlardan saralangan tajribali fan o‘qutuvchilari taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Bu yerda o‘quvchilarga sifatli taʼlim-tarbiya berish uchun o‘quv va laboratoriya xonalari, kompyuter sinfi, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, saf maydoni, kichik futbol maydoni hamda sport zal to‘liq jihozlangan. Shuningdek, o‘quv jarayoni to‘liq kazarma shaklida bo‘lib, 200 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonada o‘quvchilarga munosib shart-sharoitlar yaratilib berilgan. O‘quvchilarga kuniga 4 mahal bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanishi nazarda tutilgan.
Tadbir davomida joriy yilda o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar tomonidan tantanali vaʼda qabul qilinib, so‘ng kelgan mehmonlar o‘qish binosining ochilish munosabati bilan tabrik so‘zlarini bildirishdi. Shuningdek, bundan keyin so‘zga chiqqan o‘quvchi va ota-onalar o‘z chiqishlarida yoshlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlardan mamnunligini, undan unumli foydalangan holda harbiy kasb sirlarini teran o‘rganib Ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishini taʼkidladilar.
Bundan tashqari, tadbirga yig‘ilganlarga ichki ishlar va harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilib, tadbir taniqli xonandalarning rangba-rang konsert dasturi bilan davom etdi.
Azamat PIRNIYAZOV
“POSTDA” muxbiri