O‘QUV – KARERA: TA’LIM, SINOV, NATIJA
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 aprel kunidagi PQ – 5076-son «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan, ichki ishlar organlarida uzluksiz o‘quv-karyera tizimi joriy etildi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari «katta serjant», «kapitan», «mayor» va «podpolkovnik» maxsus unvonlarini olish uchun “Vazirlik Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan maxsus o‘quv kursda tahsil olishlari va belgilangan namunadagi sertifikatni qo‘lga kiritish”lozimligi belgilandi.
Shuningdek, «polkovnik» maxsus unvoniga“xodimning xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi”, “harakatda intizomiy jazosi mavjud emasligi”, “Vazirlik Akademiyasi magistraturasi yoki Qurolli Kuchlar Akademiyasi ikki yillik ta’lim dasturini”, “boshqa oliy ta’lim muassasalarining moliya-iqtisod, texnik yoki tibbiy sohalari yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturasini”, “ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalarining muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistraturasi, oliy akademik kurslari hamda rahbar kadrlar tayyorlash fakulteti (oliy kurslari)ni muvofaqqiyatli tamomlagan”yoxud“ilmiy darajaga ega bo‘lgan”xodimlar tavsiya etilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2021 yil 3 iyun kunidagi 114-sonli farmoyishiga asosan, Vazirlik Malaka oshirish institutining hududiy filialida «podpolkovnik» maxsus unvonini olish uchun o‘quv kursiga jalb qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar organlaridagi sohaviy xizmat xodimlari tasdiqlangan dasturga muvofiq masofadan (onlain) o‘qitilmoqda.
O‘quv kursida mashg‘ulotlar davlat va nodavlat tashkilotlari, huquq-tartibot organlari, yetakchi ta’lim muassasalari rahbar xodimlari, boy amaliy tajriba va yuqori malakaga ega ilmiy-pedagogik xodimlar hamda mutaxassislar, shuningdek, Vazirlikning tegishli sohaviy xizmat xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda.
O‘quv kursi so‘ngida, xodimlardan sinov qabul qilinib, muvofaqqiyatli o‘tgan xodimlarga tasdiqlangan namunadagi sertifikatlar berilishi belgilangan, deydi, Vazirlik Malaka oshirish institutning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, podpolkovnik Saparbay Allambergenov.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati