Profilaktika inspektoriga pora taklif qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlarining profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarovga Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi fuqaro K.A sodir etgan huquqbuzarligi bo‘yicha o‘ziga nisbatan to‘planayotgan hujjatlarni sudga yubormasdan bosti-bosti qilish evaziga 2 million so‘m pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Ushbu holat yuzasidan profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Mazkur bildirgiga asos joriy yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bo‘limi, Qo‘ng‘irot tumani maxsus prokuraturasi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarovning xizmat xonasida fuqaro K.A. pora tariqasida taklif qilgan 2 million so‘m pullarning 1.250 000 so‘m pullarini bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Qonliko‘l tumani bo‘limi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati