SOHAVIY XIZMAT RAHBARLARINING KASBIY BILIMLARI OShIRILDI
Ma'lumki, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash,fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarish hamda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash vazifalari davlat va nodavlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining ham asosiy vazifasi hisoblanadi. Bu, o'z navbatida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu vazifalarni samarali amalga oshirishda avvalo, tizimdagi rahbar xodimlarning kasbiy, axborot-huquqiy bilimlarini uzluksiz oshirib borishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirining 2021 yil 20 noyabrdagi «Ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslarini tashkil etish to'g'risida»gi 247-sonli farmoyishiga muvofiq, Vazirlik Malaka oshirish institutining tajribali professor-o'qituvchilari tomonidan Institutning hududiy filialida joriy yilning 22-26 noyabrь kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish hamda Tergov xizmatining rahbar xodimlari, shuningdek, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining birinchi va tergov yo'nalishi bo'yicha o'rinbosarlarining kasbiy, axborot-huquqiy bilimlarini oshirish bo'yicha mobilь-sayyor malaka oshirish o'quv kursi tashkil etildi.
O'quv kursining asosiy maqsadi – sohaviy xizmat rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishda hududdagi tezkor va kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, prognozlash va baholashning zamonaviy usullarini o'rgatish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarini chuqur o'rganish, mavjud kuch va vositalarni to'g'ri taqsimlash va zamonaviy usullardan samarali foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish, shuningdek, xizmat faoliyatiga oid islohotlar va yangiliklar, yuridik va maxsus-kasbiy tayyorgarlik bo'yicha bilimlarini oshirishdan iborat.
O'quv kursida mashg'ulotlar tasdiqlangan o'quv dasturi asosida Institutning tajribali professor-o'qituvchilari tomonidan innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo'llash orqali o'tkazildi. O'quv mashg'ulotlarida tinglovchilar tomonidan qonun hujjatlari va amaliyot jarayonlari bilan bog'liq bo'lgan barcha savollariga Institut professor-o'qituvchilari tomonidan atroflicha javob berildi.
O'quv kursi so'ngida, tinglovchilardan yakuniy imtihon qabul qilinib, ushbu imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shu bilan birga, Malaka oshirish instituti professor-o'qituvchilari tomonidan Vazirlikning Qoraqalpoq akademik litseyi o'qituvchi va o'quvchilari bilan uchrashuv o'tkazildi. Uchrashuvda ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, soha xodimlariga qo'yilgan asosiy vazifalar va talablar, shuningdek, Malaka oshirish instituti faoliyati va uning maqomiga doir ma'lumotlar yetkazildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV Axborot xizmati