Bayram arafasida yangi uylar foydalanishga topshirildi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bayrami arafasida Nukus shahrida yangi bunyod etilgan ko'p qavatli uylar ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya xodimlariga topshirildi.
Shu munosabat bilan o'tkazilgan tadbirda, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorgi Kengashi Raisining o'rinbosari A.Davletov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o'rinbosari M.Jumanov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik A.Temirxanov, O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi boshlig'i, polkovnik M.Yusupov yig'ilganlarni Bosh qomusimiz qabul qilinganining 29 yilligi bayrami hamda yangi uyning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.
Ta'kidlaganidek, mamlakatimizda so'nggi yillarda davlat xizmatchilarini, ayniqsa yurtimizda jamoat tartibini saqlash va tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash yo'lida xizmat qilayotgan xodimlarni turar joy bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 noyabrь kungi "Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoniga muvofiq, imtiyozli kreditlar asosida qo'rib bitkazilgan 15ta xonadon Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar organlari, 15tasi Milliy gvardiya xodimlariga tantanali ravishda topshirildi. Uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan ushbu turar joylar 8 dekabrь O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bayramiga ajoyib tuhfa bo'ldi.
Tadbirda turar joyni qisqa muddat sifatli qilib bitkazgan “SONCRET BUILDINGK” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasining Tashakkurnomasi topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari yangi xonadonlarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Yangi uyni topshirish marosimi san'at ustalarining kontsert dasturi bilan davom etdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV Axborot xizmati