30 Avgust 2021 yil 1172

Bayram munosabati bilan bir qator xodimlar taqdirlandi

Ma’lumki, 1 sentabr Mustaqillik kuni mamlakatimiz tarixidagi eng ulug‘ va eng aziz bayramlardan sanaladi. Shu boisdan ham ushbu sana 30 yildan buyon ko‘tarinki ruhda belgilanib kelinadi. Bayram munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bir qator el-yurt taraqqiyoti hamda osoyishtaligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari munosib rag‘batlantirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Tadbirga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV rahbariyati va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishda fidokorona xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta’sis etilgan “Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishonalari va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, “A’lo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i”, Ichki ishlar vazirligining esdalik qo‘l soati hamda pul mukofotlari o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov so‘zga chiqib, mustaqilligimizning 30 yillik bayrami bilan xodimlarni tabriklab, rag‘batlantirilgan xodimlarning kelgusi ish faoliyatlarida yanada mas’uliyat bilan yondashib bundan ham yuqori mukofotlarga sazovor bo‘lishlarini tiladi. Bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati.

Text to speech