22 Aprel 2021 yil 842

HAMKORLIKDA SAYYOR O‘QUV KURSLARI O‘TKAZILDI

Yurtboshimiz tomonidan shu yilning 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan majlisi 8-son bayoni 45-bandi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura va Sudyalar oliy kengashining2021yil 10 aprel kunidagi«Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarini bazaviy kasbiy hamda chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan,O‘zbekiston Respublikasi nazorat va huquq-tartibot organlari tizimidagi oliy taʼlim muassasasi professor-o‘qituvchilari, Vazirlik Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi masʼul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV tuzilma rahbarlari hamda Vazirlik Malaka oshirish institutining hududiy filiali hamkorligida joriy yilning 15-23 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimidagi profilaktika inspektorlariga“shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellari asosida tumanlararo bazaviy sayyor o‘quv kurslari o‘tkazildi.
O‘quv kursining maqsadi – profilaktika inspektorlarining bazaviy huquqiy, kasbiy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
O‘quv kursida – Vazirlik Akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizlik universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti va Sudyalar oliy kengashi huzuridagi oliy maktabining tajribali professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi nazorat va huquq-tartibot organlari tizimidagi tajribali xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va amaliyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq hamda o‘qitishning zamonaviy texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qurollaridan keng foydalangan holda o‘quv mashg‘ulotlari belgilangan tartibda o‘tkazildi.
O‘quv kursida ishtirok etgan profilaktika inspektorlari soha vakillariga o‘zlarining qiziqtirgan savollari bilan fikr almashib, yetarlicha ko‘nikmalar hosil qilishdi, deydi, Vazirlik Malaka oshirish institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, podpolkovnik Saparbay Allambergenov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

Text to speech