O‘zbekiston Respublikasi IIV Nukus «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyiga o‘qituvchilar tarkibini jamlash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Akademik litseyga pedagog xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha tizimli ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining2019 yil 28 iyun kunidagi PQ-4375-sonli «O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 2019 yil 30 noyabrdagi 60-son Qarorlari asosida olib borildi.
Yuqoridagi qaror talablari negizida 2020 yil 20 avgust kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan jami 11 ta fanlar kesimida nomzod pedagog xodimlarning bilim saviyasini aniqlash maqsadida saralash test sinovlari o‘tkazildi.
Saralash test sinovlarida kamida 71 balni to‘plashga erishgan nomzodlar tanlovning ikkinchi yaʼni yakka suhbat bosqichiga yuboriladi. Sinovlariga 200 nafarga yaqin nomzod pedagog xodimlar qatnashdi.
Test sinovlari natijalariga ko‘ra tanlovga qatnashgan jami 180 nafar nomzod pedagog xodimlarning 36 nafari tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llama oldilar.
Tanlovning ikkinchi yaʼni yakka suhbat bosqichi yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati