Kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashamiz!
Kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashamiz!
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 iyuldan 31 iyul kuniga qadar “Kibermadaniyatni yuksaltirish” targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda. Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan tashkil etilayotgan oylikni yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab olingan. Jumladan, oylik doirasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi, kiberjinoyatlardan ogohlikka chorlovchi “Eng faol mahalla”, “Eng yaxshi milliy kontent” singari o‘n uch turdagi targ‘ibot tanlovi, “STOP! Cybercrime” nomli ogohlikka chaqiruvchi ommabop chellenjlar va kiberbullingdan himoyalanish, kiberomantikaning salbiy oqibatlari, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish kabi o‘nta targ‘ibot tadbiri o‘tkazish rejalashtirilgan. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Bu haqda Nukus shahrida joylashgan “Qoraqalpoq davlat universiteti” binosida “STOP Cybercrime” mavzuga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirida maʼlum qilindi. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy taʼlim o‘quv yurtlari masʼullari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda masʼul idoralar va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi. Мamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu orqali fuqarolarga moddiy zarar yetkazilmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri – fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan. Hozirgi kunda kiberjinoyatlarning 40 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning turi kundan-kunga ortib bormoqda. telegram tarmog‘i orqali “Click xavfsizlik xizmatidanmiz”, “Sizga yutuq chiqdi”, “Katta miqdorda pul yutib oldingiz”, “Aksiya ishtirokchisiga aylandingiz”, “Treyding orqali pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, “Chet elga ishga yuboramiz” va boshqa yolg‘on, soxta xabarlar bilan sodda fuqarolarni chuv tushirmoqda. Mazkur tadbirda, “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligini davomida oliy taʼlim o‘quv yurtlari talabalari bilan birgalikda samarali o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.