KIBERJINOYATLARGA QARSHIMIZ!
Qoraqalpog‘iston
Respublikasida 1 iyuldan 31 iyulgacha “Kibermadaniyatni yuksaltirish” targ‘ibot
oyligi o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan tashkil etilayotgan oylikni yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab olingan. Jumladan, oylik doirasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi, kiberjinoyatlardan ogohlikka chorlovchi “Eng faol mahalla”, “Eng yaxshi milliy kontent” singari o‘n uch turdagi targ‘ibot tanlovi, “STOP! Cybercrime” nomli ogohlikka chaqiruvchi ommabop chellenjlar va kiberbullingdan himoyalanish, kiberomantikaning salbiy oqibatlari, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish kabi o‘nta targ‘ibot tadbiri o‘tkazish rejalashtirilgan. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.Bu haqda nukus shahrida joylashgan “I.v.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston sanʼat Muzeyi”da “Kiberjinoyatlarga qarshimiz” mavzuiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirida maʼlum qilindi. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ishlar ishlar vazirligi, Markaziy bank viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda masʼul idoralar va jamoatchilik vakillari, ommaviy Axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi. Mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu orqali fuqarolarga moddiy zarar yetkazilmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri – fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan. Hozirgi kunda kiberjinoyatlarning 40 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning turi kundan-kunga ortib bormoqda. telegram tarmog‘i orqali “Click xavfsizlik xizmatidanmiz”, “Sizga yutuq chiqdi”, “Katta miqdorda pul yutib oldingiz”, “Aksiya ishtirokchisiga aylandingiz”, “Treyding orqali pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, “Chet elga ishga yuboramiz” va boshqa yolg‘on, soxta xabarlar bilan sodda fuqarolarni chuv tushirmoqda. Mazkur tadbirda, “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligini joylarda keng aholi qatlamini jalb etgan holda uyushqoqlik bilan samarali o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.