“Mahalla yettiligi” tizimi vakillari o‘qitildi
Prezidentimizning joriy yil
3-yanvardagi qarorida respublikamizdagi har bir mahallada huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Qarorda nazarda
tutilgan chora-tadbirlarning izchil ijrosini ta’minlash maqsadida
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “mahalla yettiligi” tizimi vakillari uchun
sayyor mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
IIV akademiyasi
professor-o‘qituvchilari tomonidan davlatimiz rahbarining “2025-yilda
respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining dolzarb ahamiyati, yangi tizim
asosida faoliyatni tashkil etish mexanizmlari, hududlarda jinoyatchilikni
jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda “mahalla yettiligi”
vakillarining asosiy vazifalari, ijtimoiy profilaktikaning mazmun-mohiyati va
uni samarali tashkil etish yo‘llari atroflicha tushuntirildi. Qarorda nazarda
tutilgan chora-tadbirlar, “yo‘l xarita”lari ijrosi yuzasidan har bir mas’ul
zimmasidagi vazifalar yetkazildi.
Aytish joizki, bugun
mahalla instituti aholi bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini hal
etish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda muhim bo‘g‘inga
aylandi. “Mahalla yettiligi” uchun tashkil etilayotgan o‘qishlar soha
vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, tizim
samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.