Nukusda askarlar tavsiyanoma olish uchun test topshirmoqda
7261 conli harbiy qismda yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qism qo‘mondonligining o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomasini olish uchun test sinovlarini topshirdi.
Yoshlarni harbiy xizmatga hamda harbiy kasbga qiziqtirish, ularni rag‘batlantirish hamda harbiy xizmat nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarliklar bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zarur bilim-saviyaga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan yigitlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi test sinovlarida ishtirok etdi. Ulardan yuqori ball to‘plagan eng munosiblarga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imtiyozga ega tavsiyanoma berilishi belgilangan.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan askarlar respublikamizning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga, respublikaning oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan mazkur test sinovlarida adolat tamoyillariga asoslangan holda shaffoflikni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan auditoriyada kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali real vaqt mezoni shaklida ko‘rsatilayotgan videotasvirlarning barchasi tizimga yozib saqlanadi.