25 Sentyabr 2024 yil 2112

Qonundagi yangiliklarni o‘rganamiz va tatbiq etamiz

 Respublikamizda o‘qotar qurollar, uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solish, pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasini oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarning samaradorligini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bunga oid ayrim masalalar qonuniy yechimini topmay kelayotgandi. O‘qotar qurollar hamda pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish borasida huquqiy taʼsir choralarini qo‘llashga doir konstitutsiyaviy tamoyillarini taʼminlash shulardan biri edi. Qonunchilikdagi mazkur kemtiklarni bartaraf etish maqsadida, joriy yilning 27 avgust kuni «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220 prim. 1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida» hamda 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari qabul qilindi. Unda shaxs o‘z egaligida bo‘lgan noqonuniy pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish va o‘z-o‘zini himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda tegishli idoralarga topshirgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi qonunan mustahkamlandi. Shuningdek, mazkur kodeksning 185-prim. 1-moddasining yangi tahririga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga zid ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, respublika hududidan olib chiqish va olib kirish, o‘tkazish holatlarida qonunbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyatlari va darajasidan kelib chiqqan holda huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Alohida eʼtibor beriladigan jihati – Maʼmuriy javobgarlik  to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan, ichki ishlar idoralari tomonidan ushbu kodeksning 185 prim.1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda, ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika katta inspektorlari va inspektorlariga maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berildi.

Text to speech