Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida N.Tao‘muratovning 90 yilligiga bag‘ishlanib tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘zlarining umri davomida qilgan ijobiy ishlari tufayli boshqalarga ham namuna bo‘ladi. Albatta, bu kabi fidoyilar yosh avlodni tarbiyalashda har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarni matonat bilan yengib o‘tib, kasbga sadoqat timsolini namoyon etadi. Ana shunday eʼtirofga loyiq insonlardan biri isteʼfodagi podpolkovnik Naurizboy ota Tao‘muratov shu yilning 21 mart kuni tabarruk 90 yoshni qarshi olmoqda.
Joriy yilning 20 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida N.Tao‘muratovning 90 yilligiga bag‘ishlanib tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga, O‘zbekiston Respublikasi IIV Faxriylar kengashi raisining o‘rinbosari isteʼfodagi G‘.Yuldashev, kengash aʼzosi isteʼfodagi podpolkovnik Sh.Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov va o‘ning o‘rinbosarlari, faxriylar, O‘zbekiston Respublikasi IIV Qoraqalpoq akademik litseyi, “Temurbeklar” harbiy akademik litseyi o‘quvchilari va xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri so‘zga chiqib, faxriy ustoz N.Tao‘muratovning ichki ishlar organlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borgan xizmat yo‘li kelajak avlodga o‘rnak bo‘ladigan fazilatlari haqida aytib o‘tdi.
Bugungi kunga qadar, N.Tao‘muratov muallifligida 1992 yili “Insonlarni himoya qilish huquqi bilan” nomli birinchi kitob, 1996 – 1997 yillarda esa shu nomdagi ikkinchi va uchinchi kitoblari, 2003 yili “Organi vnutrennix del Respubliki Karakalpakstan v godi nezavisimosti” kitobi hamda 2011 yilda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlari tarixi” kitobi, 2016 yilda “Amudaryoning chap sohilidagi qoraqalpoq tumanlarida militsiya organlarining tuzilishi” nomli kitoblar chop etilgan.
Ayni kunda Naӯrizboy ota QR IIV Veteranlar Kengashi raisi va 1975 yil 9 may kuni tashkil etilgan vazirlikning “Shuxrat” muzeyining rahbari bo‘lib faoliyat olib bormoqda. Mazkur kitoblarni nashrdan chiqarish va muzeyni eksponatlar bilan boyitish maqsadida ko‘p izlandi. Xususan, Moskva, Olma-ota, Toshkent va Nukus shaharlarida joylashgan kutubxonalar, muzeylar va arxivlardan tarixiy asosga ega materiallar to‘plagan. Olib borgan o‘rganishlari natijasida 1999 yilning 25 iyul kuni “Qoraqalpoq milliy davlatchiligini tiklash davrida militsiya organlarining tarixi (1917-1936 yillar)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV Faxriylar kengashi raisining o‘rinbosari isteʼfodagi G‘.Yuldashev so‘zga chiqib, bugungi kunda ichki ishlar organlarida faxriy xodimlarga nisbatan qaratilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rliklar haqida aytib N.Tao‘muratovni 90 yoshi bilan tabrikladi. Tadbir davomida, N.Tao‘muratovga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining Qarori bilan ”Ardaqli nuraniy” hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVning “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Tadbir davomida bir guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat qilib isteʼfoda bo‘lgan bir guruh faxriylarga vazirlikning sovg‘alari topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati.