«Sog‘lom avlod uchun» shiori ostida 3000 metr masofaga yugurish va velomarafon musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yil 30 oktyabrdagi PF-6099-sonli farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 4 iyun kunidagi 2/2-818-sonli ko‘rsatmasi talablariga muvofiq, Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, stritbol, vorkout sportining ustuvor turlari etib belgilanganligi hamda haftada kamida bir marotaba rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi, ommaviy sport musobaqalarini bayramona ruhda va shou ko‘rinishida o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar organlarida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, shuningdek, jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida joriy yilning 18 iyun kuni sportning 3000 metr masofaga yugurish bo‘yicha marafon hamda velomarafon musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqani tashkil etishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Sportni rivojlantirish vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha joriy yilning 7 iyun kuni 3/8-511-sonli xatlar yuborildi. Musobaqaga vazirlikning barcha sohaviy xizmatlari, shahar va tuman ichki Ichki ishlar bo‘limlaridan jami 1117 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari faol ishtirok yetishib, musobaqa bayramona ruhda tashkil etildi. Velomarafon musobaqasiga soat 18:30da, 3000 metr masofaga yugurish bo‘yicha marafonga soat 19:00da Nukus shahri A.Dosnazarov ko‘chasidan Islom Karimov guzari bo‘ylab start berildi. Sportchilarga marafon davomida qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida har 1000 metrga ichimlik suvlari tashkil etildi.
Finishda sportchilarni vazirlik rahbariyati, tashrif buyurgan mehmonlar, ularning oila aʼzolari orkestr sadolari ostida tantanali ravishda kutib olishdi. Yakunda velomarafon musobaqasida faxrli 3-o‘rinni B.Karambayev, 2-o‘rinni M.Boranbayev, 1-o‘rinni S.Arislanbayevlar egalladi.
3000 metr masofaga yugurish bo‘yicha marafon musobaqasida Qo‘ng‘irot tumani ichki ishlar bo‘limi jamoasi faxrli 3-o‘rinni, Mo‘ynoq tumani ichki ishlar bo‘limi jamoasi faxrli 2-o‘rinni va Taxtako‘pir tumani ichki ishlar bo‘limi jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallashdi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.T.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik I.Sh.Anvarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov, vazir o‘rinbosari polkovnik I.B.Axmedovlar so‘zga chiqib, «Sog‘lom avlod uchun» shiori ostida tashkil etilgan musobaqa g‘oliblari va ishtirokchilariga kelgusi ishlarida omad tilab, sport bilan shug‘ullanishni turmush tarzining bir bo‘lagiga aylantirish lozimligini taʼkidlab o‘tdi. Musobaqa yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va konsert dasturi bilan yakunlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati