“Qalqon” guruhlari hamkorligi: yoshlarni ma’naviy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi
Joriy yilning 11-sentyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti o‘rtasida yoshlar tarbiyasi, ularning huquqiy ongi va dunyoqarashini yanada yuksaltirish maqsadida muhim qadam tashlandi. Mazkur ikki oliy ta’lim muassasasining "Qalqon" guruhlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tadbirda ikki oliy ta’lim muassasasining profilaktika inspektorlari, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari va "Qalqon" guruhlari a’zolari ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni turli salbiy oqimlardan himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik orqali tajriba almashishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Memorandumni tuzishdan asosiy maqsad - ikki oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan "Qalqon" guruhlari a’zolari o‘rtasida yaqin aloqalarni mustahkamlash, profilaktika sohasida tajriba orttirish va uni amaliyotda qo‘llashdir. Shuningdek, memorandum yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, huquqiy bilimlarini kengaytirish yo‘lida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro fikr almashib, kelgusida muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar, davra suhbatlari va ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etish, yoshlar o‘rtasida profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga kelishib oldilar. Ushbu memorandum nafaqat ikki oliy o‘quv yurtining "Qalqon" guruhlari uchun, balki butun talaba-yoshlar uchun ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ular o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, hamkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.