18 Fevral 2025 yil 932

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyor Torebekov rahbarligida "Kiber jinoyatchilik - davr muammosi" mavzusida talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda institutning rektor o‘rinbosarlari, dekan va ularning o‘rinbosarlari, tyutorlar, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar hamda Ichki ishlar organlarining mas’ul xodimlari, o‘quv yurtlariga biriktirilgan profilaktika inspektorlari ishtirok etdi. Tadbirni institut rektori Quvondiq Qodirov ochib berdi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyor Torebekov so‘zga chiqib, yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasida hech qachon bo‘shliq paydo qilmasligimiz kerak. Sababi mana shu e’tiborsizlik oqibatida talaba yoshlar orasida turli huquqbuzarlik va jinoyatlar uchrayotganligi bo‘yicha tadbirda ma’lumotlar keltirildi. Shuningdek, bugungi kunda avj olayotgan kiberjinoyat haqida keng tushunchalar berildi. Kiberjinoyatning bugungi kunda talaba yoshlar tomonidan fuqarolarning, shu jumladan talaba yoshlarning shaxsiy ma’lumotlarini boshqalarga pul evaziga sotish holatlari uchrayotganligi tanqid qilindi.Kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratib, ularni turli zararli illatlar ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, giyohvandlik mahsulotlari va psixotrop dorilar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘quv yurti jamoasi va profilaktika inspektorlariga aniq vazifalar belgilab berildi. Haqiqatan ham yoshlarning har xil qing‘ir ishlarga qo‘l urishiga qandaydir sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday talabalar bilan profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kerakligi, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish talab etiladi.Har qanday qonunbuzarlik holatlarining oqibatlari bilan kurashgandan ko‘ra uning barvaqt oldini olgan ma’qul. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda Vazir talaba yoshlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Bildirilgan takliflardan kelib chiqib bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi OQX Kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i mayor Davletiniyaz Seytmuratov tomonidan bugungi kunda kiber firibgarlar tomonidan fuqarolarning bank plastik kartalaridan pullarini yechib olish holatlari va unga qarshi kurashish yo‘nalishidagi tayyorlangan slaydlar va ma’lumotlar talaba yoshlar e’tiboriga havola etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

 

Text to speech