Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan mehnat munosabatlari sohasida yuzaga kelayotgan nizolarni huquqiy asosda hal etish, sud amaliyotidagi yagona yondashuvni shakllantirish hamda davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Unda tegishli vazirliklar, davlat tashkilotlari, ichki ishlar organlari va sudyalar ishtirok etdi. Taʼkidlanganidek, o‘quv-seminarning asosiy maqsadi — amaliy sud tajribasi asosida mehnat nizolarini to‘g‘ri hal etishda masʼul tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, yangi Mehnat kodeksida belgilangan normalarning to‘g‘ri qo‘llanilishini taʼminlash va davlat xizmatchilari hamda xodimlar o‘rtasida huquqiy ongni oshirishdan iborat bo‘ldi. Seminar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyalari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish tartibi”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning ahamiyati” mavzularida maʼruzalar qilindi. Shuningdek, mehnat shartnomalarini bekor qilishdagi huquqiy talablar, sud amaliyotidagi ishga tiklash holatlari, ichki ishlar organlarida xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq mehnat munosabatlari, xodimlarning huquqiy himoyasini taʼminlashning amaliy mexanizmlari kabi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar mehnat munosabatlari sohasidagi yangiliklarning amaliyotga tatbiq etilishi bo‘yicha fikr almashishdi. Sud amaliyotini takomillashtirish, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi nizolarning oldini olish hamda bunday seminarlarni tizimli ravishda o‘tkazish zarurligi taʼkidlandi.