13 Iyun 2020 yil 1080

Joriy yilning 12 iyunь kuni Nukus shahrida ichki ishlar organlari xodimi suvga cho'kayotgan odamni qutqardi

Joriy yilning 12 iyunь kuni  Nukus shahrida ichki ishlar organlari xodimi suvga cho'kayotgan odamni qutqardi,
Shu kuni 63 yoshni qarshilagan nukuslik fuqaro S.B. tug'ilgan kuni bahonasida ikkita qo'shnisi bilan yashash joyiga yaqin joydan oqib o'tuvchi “Qatti ag'ar” kanaliga cho'milish uchun boradi. Spirtli ichimlik ta'sirida cho'milishga tushgan ulfatlar birozdan so'ng “tavallud kun sohibi”ning g'oyib bo'lib qolganini sezganida eslari chiqayozadi.
Voqea bo'yicha dastlab ichki ishlar, so'ngra favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, prokuraturaga xabar berilib, qidiruv ishlari boshlab yuboriladi.
Qidiruv ishlarida ishtirok etayotgan hudud profilaktika inspektori katta leytenant Rafat Xojaniyazov g'ovvoslar fuqaroni suv tubidan izlayotgan bir paytda yon atrofni ko'zdan kechirishni boshlaydi. Voqea joyidan 3 chaqirim nariroq yo'l yurgan profilaktika inspektori kanal bo'yidagi daraxt shoxlariga tirmashib suvdan chiqishga harakat qilayotgan fuqaroni ko'rib, uning suvdan chiqishiga yordam beradi. Bu cho'kib ketdi deya taxmin qilingan fuqaro S.B. bo'lib chiqdi.


Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV Axborot xizmati.

 

Text to speech